Current Issue
Bugungi kunda dunyo miqyosida kechayotgan globallashuv jarayonlari, ilm-fan va texnologiyalarning jadal rivojlanishi, ayniqsa, raqamli transformatsiya sharoitida til ta’limining o‘rni va ahamiyati yanada ortib bormoqda. Til — bu faqatgina muloqot vositasi emas, balki shaxsning tafakkuri, madaniyati, intellektual salohiyati va kasbiy kompetensiyalarini shakllantiruvchi asosiy omillardan biridir. Shu bois til ta’limini zamonaviy talablarga mos ravishda takomillashtirish, uning mazmun-mohiyatini yangilash hamda samaradorligini oshirish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Zamonaviy ta’lim tizimi an’anaviy yondashuvlardan bosqichma-bosqich innovatsion modelga o‘tib borayotgan bir paytda til o‘qitish metodikasini ham tubdan qayta ko‘rib chiqish zarurati yuzaga kelmoqda. Xususan, kompetensiyaviy yondashuv, shaxsga yo‘naltirilgan ta’lim, interaktiv metodlar, muammoli o‘qitish texnologiyalari, loyiha asosida o‘qitish kabi ilg‘or pedagogik yondashuvlar til o‘rgatish jarayonining samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu bilan birga, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining keng joriy etilishi til ta’limida mutlaqo yangi imkoniyatlarni ochib bermoqda. Masofaviy ta’lim platformalari, mobil ilovalar, virtual va kengaytirilgan reallik texnologiyalari, sun’iy intellekt asosidagi o‘qitish vositalari o‘quv jarayonini individuallashtirish, o‘quvchilarning mustaqil ta’lim olish ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda ta’lim sifatini oshirishga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, sun’iy intellekt yordamida til o‘rganish jarayonini avtomatlashtirish, nutqni tahlil qilish, individual tavsiyalar berish kabi imkoniyatlar til ta’limining yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi.
Mazkur xalqaro anjuman til ta’limi sohasidagi eng dolzarb ilmiy va amaliy masalalarni muhokama qilish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va ommalashtirish, innovatsion yondashuvlarni tizimli ravishda tatbiq etish hamda ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiluvchi muhim platforma hisoblanadi. Anjuman doirasida tilshunoslik va metodika kesishmasidagi zamonaviy tadqiqotlar, raqamli pedagogika, lingvodidaktika, tarjima nazariyasi, ko‘p tillilik, madaniyatlararo kommunikatsiya, shuningdek, ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan samarali amaliyotlar keng qamrovda ko‘rib chiqiladi. Bugungi anjumanda ishtirok etayotgan yetakchi mutaxassislar, olimlar va amaliyotchilarning ilmiy ma’ruzalari, taklif va tavsiyalari nafaqat nazariy jihatdan, balki amaliy nuqtaуi nazardan ham muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu ilmiy muloqotlar orqali yangi g‘oyalar shakllanadi, mavjud muammolarga innovatsion yechimlar topiladi hamda kelgusidagi ilmiy izlanishlar uchun mustahkam asos yaratiladi.